“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan xorijiy investitsiya ishtirokidagi “ENTER STEEL” MChJ (Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumani) binosida qurilish sohasi mutaxassislari uchun respublika seminari bo‘lib o‘tdi. Unda “QORAQALPOQ SEMENT” MChJ, “TIME TERRA” MChJ, “Ohangaronsement” AJ, “Bekobodsement” AJ, “ALES POLIZOL” MChJ QK, “Mustang qurilish” MChJ, “Olmaliq GMK” AJ kabi yetakchi korxonalar vakillari ishtirok etdi.
“ENTER STEEL” rahbari Kanat Tekenov ishtirokchilarni zavod faoliyati, uning quvvatlari va mahsulotlari bilan tanishtirdi. Taqdimot chog‘ida ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlari, faoliyat yurituvchi sexlar, hamkor tashkilotlar va asosiy xaridorlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilishicha, “ENTER STEEL” sanoat korxonalari va qurilish sanoati uchun metall konstruksiyalar, yirik o‘lchamli uskunalar va butlovchi qismlar ishlab chiqaradi.
Ishtirokchilar zavod rahbariyatiga ularni qiziqtirgan savollarini berishdi, hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi, shuningdek, ishlab chiqarish sexlariga tashrif buyurishdi. Biznes-tur doirasida ular to‘liq ishlab chiqarish tsikli — xomashyoni qayta ishlashdan tortib, tayyor mahsulotni chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlar bilan tanishishdi. Zamonaviy texnologiyalar va sifat nazorati laboratoriyasi alohida qiziqish uyg‘otdi.
“ENTER STEEL” O‘zbekistondagi eng yirik mashinasozlik korxonalaridan biridir. Zavod Yevropa va AQShning zamonaviy uskunalari bilan jihozlangan. Uning ishlab chiqarish quvvati yiliga quyidagilarni ishlab chiqarish imkonini beradi:
• 20 ming tonna metall konstruksiyalar,
• 40 ming tonnagacha rux mahsulotlari,
• bosim ostida ishlaydigan 400 ga yaqin qurilmalar.
Zavodning assortimenti 11 turdagi mushinasozlik mahsulotlari va 17 turdagi qurilish materiallarini o‘z ichiga oladi.
Tadbir ixtisoslashgan korxonalar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, tajriba almashish va istiqbolli ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qildi.